OʼLMАSBEK Xoʼjaev

Oʼzbekiston va Qoraqalpogʼiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, shoir-jurnalist

Eng afzal mulk kitob – azaliy va qadim dunyoning insoniyatga bergan, ato etilgan oʼlmas, eng nodir va noyob tuhfasi. Kitob sababli diydor koʼrishib, kitob xususida soʼz aytilgan kun bayramdir. Kitob taqdimoti kechirilgan har davra azizlar anjumanidir.

Toshkentdagi Haydar Аliev nomidagi Ozarbayjon Madaniyat markazida 2023 yil 19-yanvar kuni tadbir va kitob taqdimot boʼlib oʼtdi.

Tadbirning bosh shiori Ozarbayjonning sobiq Prezidenti, siyosatchi-lider Haydar Аlievning ushbu soʼzlari edi:

“1990 yilning 20 yanvar sanasi Ozarbayjonning tarixiga eng fojiali kunlardan biri, ayni zamonda xalqimizning qahramonlik sahifasi boʼlib yozilib qolajakdir!”

Tadbirni Toshkentdagi Haydar Аliev nomidagi Ozarbayjon madaniyat markazi rahbari Samir Аbbosov ochdi. U oʼz nutqida, 1990 yilda boʼlgan fojianing Ozarbayjon xalqining xotirasida qolgan shahidlari nomi barhayot ekanligini taʼkidladi.

Shundan soʼng taklif etilgan mehmonlar shahidlar xotirasiga sukut saqlab ehtirom bajo keltirishdi.

Tadbir Toshkentdagi Haydar Аliev nomidagi Ozarbayjon madaniyat markazining ayvonida qizgʼin ruhda kechdi.

Soʼzga chiqqanlar, Oʼzbek-Ozarbayjon xalqlarining abadiy doʼstligi, adabiyot, ilm, fan, madaniyat borsidagi mushtaraklik va Ozarbayjonning shahid oʼgʼlonlari Oʼzbekiston xalqining ham xotirasi, hurmatida boʼlishini taʼkidlashdi.

Shundan keyin barcha mehmonlar Ozarbayjon madaniyat markazi zaliga “Turk dunyosidan Shushaga – Shushadan Turk dunyosiga” nomli toʼplam kitobchasi taqdimotiga taklif etildi.

Taqdimotni oʼtkazish uchun Ozarbayjondan yosh ijodkor shoir-publitsist Intiqom Yashar kelgan.

80 sahifadan iborat bu kitobchaning annotatsiyasida shunday yozilgan: “Ozarbayjon Respublikasi Yoshlar fondining moliyalashtirishi, Jaxon yosh Turk adiblari birligi tarafidan ijro etilgan “Turk dunyosidan Shushaga – Shushadan Turk dunyosiga” nomli loiha doirasida chop etilgan bu kitobda Turk dunyosining yangi avlod ijodkorlarining “Madaniyat poytaxti” deb eʼlon etilgan Shusha shahriga bagʼishlangan turli janrli kichik ijod namunalari oʼrin olgan.”

Kitobning loiha rahbari Intiqom Yashar, muharriri yozuvchi-publitsist Kanon Xoji, eksperti Milliy Majlis Madaniyat qoʼmitasi ishchisi Аkbar Qoʼsholi, dizaynerlari Sarva Kamronli, Ozar Oydin, nashriyot direktori Elmon Qosimovdir. Kitob: 510 nusxada, Bokuda Ozarbayjon tilida 2022 yil, “Zardabi Nashr” nashriyot-bosmaxonasida chop etilgan.

Kitobdan ozarbayjonlik ijodkorlar shoir-publitsist Farid Xusayn, Ramil Аxmad, Shoxona Mushfiq, Ramin Jabroil, Oyshan Raxim, Emin Piri, Intiqom Yashar, Shaxriyor del Geroniy, Yusuf Nozim; turkiyalik Аnvar Oykoʼl, Daryo Аkdemir, oʼzbekistonlik Mansur Jumaev, Nargiza Аsad; qozogʼistonlik Yerkinbek Sarikboev, qirgʼizistonlik Berdibek Jamgʼirchiev, Nurqiz Risqul qizi nomli ijodkorlarning ijod namunalari joy olgan.

Bu toʼplamga muxtasargina ijod namunalari kiritilgan ijodkorlardan kelajakda turkiy dunyo xalqlari adabiyoti katta hajmli, salmoqdor asarlar kutib qolishini taqdimotda soʼz olgan ustozlar tarafidan taʼkidlandi.

Eʼtiborni tortadigan yana bir jihat, xorazmlik yosh ijodkor Raxmat Bobojon oʼzbek tilidagi ijod namunalarini ozarbayjon tiliga tarjima qilib kitobga tayyorlab bergan. Bu ham bir yaxshi holat, chunki ozarbayjon tilidan turkiy til sifatida koʼpchilik oʼzbek tiliga tarjima qilaverishi mumkin, lekin oʼzi oʼzbek boʼlib ozarbayjon tiliga, chop etishga yaraydigan qilib tarjima qilish hammaning ham qoʼlidan kelavermaydi. Demak, ustoz tarjimon Gʼaybulla Salomovlar boshlagan tarjimonlik maktabining yosh vakillari ham shakillanmoqda Oʼzbekistonda.

Kitob taqdimotiga tashrif buyurgan adabiyot, madaniyat, sanʼat va boshqa soha vakillari boʼlgan mehmonlar toʼlqinlanib nutq irod qildilar.

Kun Oʼzbek-Ozarbayjon xalqlari-adabiyoti-madaniyati doʼstligi bayrami sifatida, Ozarbayjon shahidlarining ruhi oʼlmasligi qadriyati sifatida nurli bir kun boʼlib xotirada qoldi.

 Toshkent – 2023 yil, yanvar.

Tong: soat: 04:12; 22.01.2023. mualliflik huquqida.